CAEx Build & Co. va CAU zamonaviy arxitekturada madaniy meros mavzusiga bag‘ishlangan sessiyani taqdim etadi
CAEx Build & Co. 2026 ko‘rgazmasining biznes dasturi doirasida Central Asian University (CAU) bilan hamkorlikda “Xotira bilan loyihalash: madaniy meros va zamonaviy shahar makonlari” mavzusida sessiya bo‘lib o‘tadi.
Sessiyada Ph.D., MLA ilmiy darajalariga ega doktor Ansam Bzour (Dr. Ansam Bzour) ma’ruza qiladi. U Central Asian University Arxitektura va dizayn maktabining dotsenti, arxitektor va landshaft arxitektori bo‘lib, madaniy landshaftlar, makonlarni loyihalash hamda inson va uning yashash muhiti o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni o‘rganishga ixtisoslashgan.
Ma’ruzada zamonaviy shahar muhitini shakllantirishda madaniy xotira va joy o‘ziga xosligining o‘rni ko‘rib chiqiladi. Ishtirokchilar moddiy va nomoddiy madaniy meros, tarixiy shahar tuzilishi hamda mahalliy muhit xususiyatlarini arxitektura obyektlari, landshaftlar va jamoat makonlarini loyihalashda qanday hisobga olish mumkinligi haqida ma’lumot oladilar.
Tarixiy merosni asrab-avaylash va shahar aholisining zamonaviy ehtiyojlarini uyg‘unlashtirishga yordam beradigan yondashuvlarga alohida e’tibor qaratiladi. Shaharlar rivojlanib, yangilanib borayotgan, shu bilan birga o‘z tarixiy qiyofasini saqlash va kundalik hayot uchun qulay muhit yaratishga intilayotgan bir paytda ushbu mavzu alohida ahamiyat kasb etadi.
Doktor Ansam Bzour Vengriyadagi MATE universitetida Ph.D. ilmiy darajasini olgan. Uning ilmiy va kasbiy faoliyati arxitektura, landshaft arxitekturasi, makon tahlili va loyiha ta’limini qamrab oladi. Tadqiqotlarida u transchegaraviy daryolar va chegara hududlari landshaftlarining madaniy jihatlarini, jumladan, siyosiy mojarolar ta’siriga uchragan hududlarni o‘rganadi. CAUda u arxitektura loyihalash hamda murakkab ko‘p qavatli binolarni loyihalash fanlaridan dars beradi.
Sessiya shahar muhitini rivojlantirishga oid ilmiy izlanishlar va amaliy yondashuvlarni birlashtirib, zamonaviy arxitektura va landshaft yechimlarini ishlab chiqishda tarixiy kontekstni hisobga olish masalasi yuzasidan professional muhokama uchun imkoniyat yaratadi.
CAEx Build & Co. 2026 — qurilish materiallari, qurilish texnologiyalari hamda qurilish, arxitektura va dizayn sohalariga oid yechimlar ko‘rgazmasi. Ko‘rgazma 2026-yil 19–21-noyabr kunlari Toshkent shahridagi CAEx ko‘rgazmalar markazida bo‘lib o‘tadi. Uning biznes dasturi soha mutaxassislarini bilim va tajriba almashish, dolzarb kasbiy masalalarni muhokama qilish hamda o‘z loyihalari uchun yangi g‘oyalarni izlash maqsadida birlashtiradi.
