CAEx Build & Co. O‘zbekiston Arxitektorlar uyushmasi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi
2026-yil 12-oktabr kuni CAEx Build & Co. va O‘zbekiston Arxitektorlar uyushmasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Tomonlar CAEx ko‘rgazmalarining biznes dasturlarini birgalikda ishlab chiqish va ularga arxitektura sohasi vakillarini jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Memorandumni imzolashda O‘zbekiston Arxitektorlar uyushmasi prezidenti Azamat To‘xtayev hamda uyushma raisining birinchi o‘rinbosari Ma’rufxo‘ja Saitxodjayev ishtirok etdi.
Hamkorlik doirasidagi dastlabki tashabbus CAEx Build & Co. 2026 ko‘rgazmasining biznes dasturidan o‘rin oladi. Ko‘rgazma 19–21-noyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Uyushma tadbir doirasida sohaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan panel muhokamalarini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Muhokama mavzulari va spikerlar tarkibi haqida qo‘shimcha ma’lumot keyinroq e’lon qilinadi.
Hamkorlik faqat qurilish ko‘rgazmasi bilan cheklanmaydi. CAEx va O‘zbekiston Arxitektorlar uyushmasi CAEx Mebel & Décor hamda CAEx Food & HoReCa ko‘rgazmalari uchun ham biznes tadbirlarini birgalikda ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Dasturlarda arxitektura va unga turdosh professional yo‘nalishlarga oid mavzularga ham e’tibor qaratiladi.

Uyushmaning dastur tayyorlashdagi ishtiroki amaliyotchi mutaxassislarning ekspert qarashlarini muhokamalarga olib kirish va ko‘rib chiqiladigan mavzular doirasini kengaytirish imkonini beradi. Ko‘rgazma tashrif buyuruvchilari sohadagi dolzarb masalalar va professional yondashuvlar bilan tanishishlari mumkin. Kompaniyalar esa o‘z mahsulotlari va yechimlarini arxitektorlar hamda boshqa soha mutaxassislarining amaliy ehtiyojlari bilan bog‘liq holda taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
CAEx Build & Co. 2026 — qurilish materiallari, texnologiyalari va qurilish yechimlariga bag‘ishlangan uchinchi xalqaro ko‘rgazma. 19–21-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan tadbir ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar, arxitektorlar, dizaynerlar, quruvchi kompaniyalar, pudratchilar, distribyutorlar va qurilish sohasi vakillarini bir maydonda jamlaydi. Ko‘rgazma ekspozitsiyasidan tashqari, tashrif buyuruvchilarni sohadagi dolzarb masalalar, qurilish va dizayndagi yangi yondashuvlarga bag‘ishlangan ekspert muhokamalari hamda mahorat darslarini o‘z ichiga olgan biznes dasturi kutmoqda.
