Qurilish yechimlari shahar muhitini va loyiha qiymatini qanday shakllantiradi: CAEx Build & Co. 2026 ko‘rgazmasida O‘zbekiston va Qozog‘iston ekspertlari ishtirokida panel muhokamasi bo‘lib o‘tadi

3-xalqaro CAEx Build & Co. 2026 ko‘rgazmasining biznes dasturi doirasida «Qurilish yechimlari shahar muhitini va loyiha qiymatini qanday shakllantiradi» mavzusida panel muhokamasi bo‘lib o‘tadi. Unda arxitektura, muhandislik va landshaft yechimlari nafaqat binolarning sifatiga, balki shahar makonining qulayligi, xavfsizligi va funksionalligiga qanday ta’sir ko‘rsatishi muhokama qilinadi.

Muhokama doirasida hududlarni loyihalash va rivojlantirishning amaliy jihatlariga e’tibor qaratiladi. Jumladan, qurilish materiallari va qoplamalarni tanlash, ko‘kalamzorlashtirish va soyali hududlarni yaratish, yomg‘ir suvlarini boshqarish, avtoturargohlarni tashkil etish, shuningdek, turar joy va tijorat obyektlarini shahar infratuzilmasiga integratsiya qilish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, obyektlardan foydalanish va ularni saqlash, loyihaviy yechimlarning uzoq muddatli iqtisodiy samaradorligi hamda developerlar, arxitektorlar, investorlar va aholi manfaatlari o‘rtasidagi muvozanat masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Ekspertlar loyihalash va qurilish bosqichlarida qabul qilinadigan qarorlar kelgusida shahar muhitining sifati va ko‘chmas mulk qiymatiga qanday ta’sir ko‘rsatishini muhokama qiladilar.

Panel muhokamasini Alfiya Kalmaganbetova (Qozog‘iston) olib boradi. U sog‘lom arxitektura va jismoniy faollikni rag‘batlantiruvchi muhit yaratish sohasidagi ekspert, HD Magazine jurnalining rivojlanish bo‘yicha direktori va sharhlovchisi, shuningdek, Yestate.kz nashri sharhlovchisi hisoblanadi.

Muhokamada arxitektura, urbanistika, developerlik, ko‘chmas mulkni boshqarish, qurilish va ekologik loyihalash sohalaridagi mutaxassislar ishtirok etadi.

Panel muhokamasi O‘zbekiston va Qozog‘iston ekspertlarining kasbiy tajribasini birlashtirib, sifatli, ekologik jihatdan barqaror va qulay shahar muhitini yaratish bo‘yicha amaliy yondashuvlarni muhokama qilish uchun maydon bo‘lib xizmat qiladi.

CAEx Build & Co. 2026 ko‘rgazmasi 2026-yil 19–21-noyabr kunlari Toshkent shahridagi CAEx ko‘rgazmalar markazida bo‘lib o‘tadi.

Similar Posts

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan